Menu Close

Kollej haqida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi PQ-3504 qarorni imzoladi.Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida ma’lum qilingan.
Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi negizida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Kasb-hunar ta’limi markazi tashkil etilmoqda.
Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari etib belgilandi:
Tasarrufida kasb-hunar kollejlari bo‘lgan vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari, tijorat banklari va yirik korxonalar bilan birgalikda kasb-hunar ta’limi soxasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, kasb-hunar ta’limini rivojlantirish bo‘yicha o‘rta va uzoq muddatli dasturlarni hayotga tatbiq etish va kasb-hunar kollejlarida o‘quv-tarbiya jarayoniga tashkiliy va metodik rahbarlik qilishni ta’minlash;
Ish beruvchilarning ehtiyojlari va takliflaridan hamda ilg‘or xorijiy tajribadan kelib chiqib, shuningdek, iqtisodiyotning real sektoridagi tarkibiy o‘zgarishlarni hisobga olib kasb-hunar kollejlarida o‘rta bo‘g‘inning mehnat bozorida talab etilgan mutaxassislarini tayyorlashning o‘quv rejalari va dasturlari ishlab chiqilishini tashkil etish;
Yuqori professional rahbarlar va pedagog kadrlarni tanlash hamda ular bilan kasb-hunar kollejlarini ta’minlash, ularning malakasi va kasbiy darajasini muntazam ravishda oshirish, shuningdek, ular mehnatini rag‘batlantirish ishlarini tizimli asosda ta’minlash;
Tizimning rahbar va pedagog kadrlari malakasini oshirish hamda ularni qayta tayyorlashning yangi shakllari va usullarini joriy etish;
Respublikadagi barcha kasb-hunar kollejlari o‘quv-metodik ishini ularning idoraviy mansubligidan qat’i nazar, muvofiqlashtirish;
Kasb-hunar kollejlarida ta’lim sifatini oshirishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish, ta’lim jarayonini doimiy ravishda takomillashtirish;
Umumta’lim maktablari 10-11-sinf o‘quvchilarining kasbiy ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan o‘quv-ishlab chiqarish majmualarida kasb-hunar ta’limi jarayonini muvofiqlashtirish va metodik ta’minlash.
Quyidagilar:
Markazning tashkiliy tuzilmasi va xodimlarning umumiy cheklangan soni 34 nafar bo‘lgan markaziy apparati tuzilmasi 1- va 2-ilovalarga muvofiq;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri kasb-hunar ta’limi hududiy boshqarmalarining namunaviy tuzilmasi 3-ilovaga muvofiq;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri kasb-hunar ta’limi hududiy boshqarmalari xodimlarining cheklangan soni 4-ilovaga muvofiq tasdiqlandi.
Markaz direktoriga, zarurat bo‘lganda, xodimlarning belgilangan cheklangan umumiy soni doirasida markaziy apparat va idoraviy mansub tashkilotlar, boshqarmalar tuzilmasiga o‘zgartirishlar kiritish huquqi berildi.
Belgilanishicha:
Markaz O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazining barcha huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari bo‘yicha uning huquqiy vorisi hisoblanadi;
Markazning o‘z vakolatlari doirasida qabul qilingan qarorlari davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi;
Markazga direktor — O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari rahbarlik qiladi;
Markaz direktori O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining taqdimnomasiga asosan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi;
Markaz direktori O‘zbekiston Respublikasi kasb-hunar ta’limi tizimi sifatli va samarali tashkil etilishi, normativ-huquqiy boshqarilishi, unga yuklangan vazifalar to‘laqonli va o‘z vaqtida bajarilishi uchun shaxsan javob beradi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi huzuridagi O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimi kadrlari malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash instituti hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi huzuridagi O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarini axborot-metodik ta’minlash xizmati negizida Markaz huzurida Kasb-hunar ta’limi tizimini innovatsion rivojlantirish, pedagog kadrlarning malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash instituti tashkil etiladi.
Markaz huzuridagi xodimlarning cheklangan soni 86 nafar bo‘lgan Kasb-hunar ta’limi tizimini innovatsion rivojlantirish, pedagog kadrlarning malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash institutining tuzilmasi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlandi.
San’at, madaniyat va olimpiya zaxiralari kasb-hunar kollejlari 6-ilovaga muvofiq, bitiruvchilariga davlat namunasidagi diplom beriladigan ixtisoslashtirilgan san’at va madaniyat maktablari va maktab-internatlariga, ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatlariga aylantiriladi.
Quyidagilar:
a) Vazirliklar va idoralarning iqtisodiyotning tegishli tarmoqlari uchun kadrlar tayyorlashga ixtisoslashtiriladigan kasb-hunar kollejlari faoliyatini moliyalashtirishning asosiy manbalari etib:
to‘lov-kontrakt asosida o‘qish uchun tushadigan mablag‘lar; vazirliklar va idoralarning ushbu maqsadlarga xarajatlar smetasida har yili nazarda tutiladigan byudjyet mablag‘lari va byudjyetdan tashqari mablag‘lari;
Qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar mablag‘lari;
b) xo‘jalik birlashmalari, tijorat banklari va yirik korxonalarning iqtisodiyotning tegishli tarmoqlari uchun kadrlar tayyorlashga ixtisoslashtiriladigan kasb-hunar kollejlari faoliyatini moliyalashtirishning asosiy manbalari etib:
To‘lov-kontrakt asosida o‘qish uchun tushadigan mablag‘lar;
Xo‘jalik birlashmalari, tijorat banklari va yirik korxonalarning mablag‘lari;
Qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar mablag‘lari.
v) ko‘p tarmoqli kasb-hunar kollejlari faoliyatini moliyalashtirishning asosiy manbalari etib — mutaxassislarni to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish va qayta tayyorlash uchun ota-onalar va xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning, shu jumladan, tadbirkorlik sub’yektlarining mablag‘lari belgilanadi.
Kam ta’minlangan oilalardan o‘quvchilar kasb-hunar (ko‘p tarmoqli) kollejlarida, ularning idoraviy mansubligidan qat’i nazar, bepul asosda o‘qitiladigan tartib o‘rnatiladi.
Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi R.S. Qosimov zimmasiga yuklandi.
Qarorning to‘liq matni O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida keltirilgan.